OAV biz haqimizda

Chorshanba, 11 yanvar 2023 12:22

2022-yilda “Registon” majmuasini koʻrish uchun 1 milliondan ortiq sayyoh keldi

Oʻtgan yili Samarqanddagi “Registon” ansambliga 1 million 027 ming 951 nafar mahalliy va xorijiy sayyohlar kelgan.

“Uzbektourism.uz” veb-sayti maʼlumotiga koʻra, “Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” deya eʼtirof etilayotgan Samarqand 2023-yilda Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) poytaxti hisoblanadi. UNWTO Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi aynan Samarqandda oʻtkaziladi.

Bu bejizga emas, albatta. Chunki majmuada mehmonlarga xizmat koʻrsatish yuqori darajada tashkil qilingan. Xususan, “Registon”ga kirgan sayyohlar uchun ekskursovod yoki audio-gid xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Taʼkidlash kerakki, 2022-yilda “Registon” ansamblini yanada takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, yil davomida olib borilgan restavratsiya va konservatsiya ishlarida topilgan noyob tarixiy ashyolar “Tillakori” madrasasidagi “Samarqand tarixiy suratlarda” nomli ekspozitsiyadan oʻrin oldi.

2022-yil 27-avgust kuni “Sherdor” madrasasidagi “Suratlarda aks etgan tarix” ekspozitsiyasidan oʻrin olgan “Mudarris va talabalar” kompozitsiyasidagi haykallar mumdan yasalgan realistik haykallar bilan almashtirildi.

Bundan tashqari, vaqtinchalik oʻrnatilgan quyosh soati joriy yilning yanvar oyida temir materialdan yasalgan soat bilan almashtirilib, maxsus marmar ustunga oʻrnatildi.

Qayd etish joizki, “Registon” ansamblidagi joriy va kapital taʼmirlash ishlari Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda bajarilmoqda. Jumladan, “Ulugʻbek” madrasasining shimoliy koʻcha fasadlari, “Sherdor” madrasasining janubiy koʻcha fasadlari va ushbu madrasaning ichki hovli qismidagi timpan va pannolar, “Tillakori” madrasasining ichki hovli qismidagi timpan va pannolar restavratsiya qilindi.

Maʼlumot uchun: joriy yil 1- 8-yanvar kunlari “Registon”ga jami 17 ming 009 nafar turist kelgan. Shulardan 11 ming 085 nafari mahalliy (2 645 nafari bolalar) va 2 ming 979 nafari xorijlik (300 nafari bolalar) sayyohlardir.

Qo'shimcha ma'lumot

O'qilgan 1080 marta