Yangiliklar

Media markazga xush kelibsiz
Juma, 13 yanvar 2023 12:30

2022-yilda Samarqanddagi "Registon" majmuasiga 1 milliondan ortiq turist tashrif buyurgan

Samarqand viloyatidagi "Registon" ansambliga 2022-yilda 1 027 951 nafar mahalliy va xorijiy turistlar tashrif buyurdi. 

Ma'lumot uchun, "Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi" deya e'tirof etilayotgan Samarqand 2023-yilda Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) poytaxti hisoblanadi. UNWTO Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi aynan Samarqandda o‘tkaziladi.

Bu bejizga emas, albatta. Chunki majmuada mehmonlarga xizmat koʻrsatish yuqori darajada tashkil qilingan. Xususan, “Registon”ga kirgan turistlar uchun ekskursovod yoki audio-gid xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratilgan. 

Ta'kidlash kerakki, 2022-yilda “Registon” ansamblini yanada takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, yil davomida olib borilgan restavratsiya va konservatsiya ishlarida topilgan noyob tarixiy ashyolar “Tillakori” madrasasidagi “Samarqand tarixiy suratlarda” nomli ekspozitsiyadan o‘rin oldi. 

Shu bilan birga, 2022-yil 27-avgust kuni “Sherdor” madrasasidagi “Suratlarda aks etgan tarix” ekspozitsiyasidan oʻrin olgan “Mudarris va talabalar” kompozitsiyasidagi haykallar mumdan yasalgan realistik haykallar bilan almashtirildi. 

Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Astronomiya instituti direktori, akademik Shuhrat Egamberdiyev tomonidan  vaqtinchalik oʻrnatilgan quyosh soati joriy yilning yanvar oyida  temir materialdan yasalgan soat bilan almashtirilib, maxsus marmar ustunga oʻrnatildi.

Qayd etish joizki, “Registon” ansamblidagi joriy va kapital taʼmirlash ishlari Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda bajarilmoqda. Jumladan, “Ulugʻbek” madrasasi shimoliy koʻcha fasadlarining 75,0 m2 qismi, “Sherdor”  madrasasi janubiy koʻcha fasadlarining 60,0 m2 qismi, “Sherdor” madrasasining ichki hovli qismidagi timpan va pannolarning 60m2 qismi, “Tillakori” madrasasining ichki hovli qismidagi timpan va pannolarning 25m2 qismi restavratsiya qilindi.

Ma'lumot uchun, joriy yilning 1–8-yanvar kunlari “Registon”ga jami 17 009 nafar turist kelgan. Shulardan 11 085 nafari mahalliy (2 645 nafari bolalar) va 2 979 nafari xorijiy (300 nafari bolalar) turistlardir.

O'qilgan 1011 marta