Yangiliklar

Media markazga xush kelibsiz
Shanba, 11 noyabr 2023 04:15

G‘arbda – Rim, Sharqda – Samarqand

Davlatimiz rahbari taklifiga ko‘ra, rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva hamrohligida bugun Samarqand shahridagi tarixiy obidalarni tomosha qildi.

Dunyo tarixchilari, sharqshunoslar tilida shunday gap bor:  G‘arbda Rim, Sharqda Samarqand. Bu bilan ikki mintaqa sivilizatsisida ushbu ikki qadimiy shahar qanchalik muhim rol o‘ynagani e’tirof etiladi. Haligacha O‘zbekiston va Italiya tarixchilari, arxeologlari Samarqand va Rim misolida davlatlar o‘rtasidagi aloqalar o‘tmishi bilan qiziqadi, bu borada tadqiqotlar olib boriladi. Shu jihatdan Italiya Prezidentining yurtimizga  rasmiy tashrifi doirasida Samarqandda bo‘lishi va bu yerdagi tarixiy-madaniy  yodgorliklar bilan tanishishi bejiz emas.

Yuqori martabali mehmonlar dastlab Registon maydonida bo‘ldi. Majmuadagi uch ulug‘vor obida – Mirzo Ulug‘bek,  Sherdor va Tillakori madrasalarining bunyod etilishi va bir necha asrdan buyon bezavol saqlab kelinayotgani Italiya delegatsiyasi a’zolarida hayrat va havas uyg‘otdi.  

Italiya delegatsiyasi Mirzo Ulug‘bek  madrasasida  yurtimiz ta’lim tarixiga oid ko‘rgazma bilan yaqindan tanishdi.  

Sherdor madrasasida esa Samarqand tumanida joylashgan ilk o‘rta asrlarga oid Kofirqal’a arxeologik ob’ektida italiyalik arxeologlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan tadqiqot ishlari davomida topilgan ashyolar namoyish etildi. Yigirma yildan buyon faoliyat olib borayotgan mazkur qo‘shma ekspeditsiyaning rejalari haqida ma’lumot berildi.  

Ilk o‘rta asrlarga oid Kofirqal’a arxeologik yodgorligi  Samarqand hukmdorlarining shahar tashqarisidagi qarorgohi bo‘lgan.

Italiya Prezidenti ekspeditsiya ishiga yuqori baho berib,  muvaffaqiyat tiladi.  

Delegatsiya tanishgan keyingi ob’ekt  Shohi Zinda yodgorlik majmuasi bo‘ldi. Bu qutlug‘ qadamjo Samarqanddagi eng qadimiy obidalardan biri hisoblanadi. Sahoba Qusam ibn Abbos va zaminimizda yetishib chiqqan ulug‘ allomalar maqbaralaridan iborat majmua arxitektura va bezak san’atining bir necha asrlik an’analarini o‘zida aks ettirgan. Ayniqsa, Amir Temur va temuriylar davrida bir qator inshootlar qurilib, obod qilingan. Shohi Zinda 2001 yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Mehmonlarga majmua tarixi va bugungi kunda uni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella Samarqanddan Urganch shahriga jo‘nab ketdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari

 
O'qilgan 1164 marta