2025-yil 20-iyuldan 20-avgustga qadar Turizm qo‘mitasi hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Yoshlar turizmi oyligi” tadbirlari o‘tkaziladi. Oylik doirasida 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi, talaba va yoshlarni respublikamizning diqqatga sazovor joylariga sayohat qilishlariga chorlaymiz.
Ushbu oylik doirasida respublikadagi joylashtirish vositalari tomonidan 20 foizgacha chegirmalar joriy etildi.
Shuningdek, “Vaqf” xayriya fondi tasarrufidagi bir qancha muzey va ziyoratgohlarga yoshlar 10 foizlik chegirma bilan kirishi belgilandi.
Bundan tashqari, Oylik doirasida yoshlarning ta’tilini mazmunli o‘tkazish maqsadida respublika bo‘ylab o‘tkaziladigan konsert-tomosha hamda sport tadbirlari ro‘yxati shakllantirildi.
Qayd etish joizki, “Yoshlar turizmi oyligi” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-232-sonli qaroriga muvofiq oʻtkazilib kelinmoqda.
“Yoshlar turizmi oyligi”da faol ishtirok eting – O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling!