Yangiliklar

Media markazga xush kelibsiz
Seshanba, 22 iyul 2025 08:35

“Yevrosiyo yuragiga sayohat – 2025” ekspeditsiyasi ishtirokchilari Samarqand va Buxoroga tashrif buyurdi

Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tashrif doirasida, MDH davlatlaridan 100 nafar jurnalist va blogerlardan iborat xalqaro “Yevrosiyo yuragiga sayohat – 2025” ekspeditsiyasi ishtirokchilari Samarqand va Buxoro viloyatlarining boy tarixiy-madaniy merosi va turizm salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.

Samarqand shahrida mehmonlar Bulung‘ur tumanidagi Erganakli mahallasiga tashrif buyurib, mahalla hayoti, amalga oshirilayotgan islohotlar va turmush sharoiti bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

So‘ngra mehmonlar Registon maydoniga yo‘l olib, milliy qadriyatlarimizni targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilgan “O‘zbek milliy do‘ppi challenji”da qatnashdilar. Ushbu qiziqarli va rang-barang tadbirda ular milliy do‘ppilarimiz bilan fotosuratga tushib, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Mehmonlar Registon maydonida o‘tkazilgan 3D shouni tomosha qilib, tarixiy shahar ruhi va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligidan mamnun bo‘ldilar.

Buxoro viloyatiga tashrif davomida ekspeditsiya a’zolari Ark qal’asi, Poyi-Kalon majmuasi, tarixiy savdo toqlari, shuningdek, Labi-Hovuz ansambli kabi diqqatga sazovor joylarga sayohat qilishdi. Shuningdek, ular Buxoroning milliy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, an’anaviy san’at va mahsulotlar bilan tanishdilar.

Shuningdek, Samarqand va Buxoro mahalliy blogerlari bilan uchrashuv tashkil etilib, ular o‘zaro fikr almashdilar, tajriba orttirdilar va kelgusida hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.

Ta’kidlash joizki, ushbu tashrif Samarqand va Buxoro shaharlarining xalqaro miqyosdagi turistik salohiyatini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.

Ma’lumot uchun: “Yevrosiyo yuragiga sayohat” ekspeditsiyasi — Markaziy Osiyo va Rossiyaning 5 mamlakati va 30 dan ortiq shaharlarini qamrab oluvchi xalqaro biznes va madaniy-gumanitar tashabbusdir.

O'qilgan 1949 marta