1-noyabr oqshomida Samarqandda mashhur fransuz bastakori va YUNESKO’ning Ezgu niyat elchisi Jan-Mishel Jarrning katta konserti bo‘lib o‘tdi.
Nur, musiqa va Registon me’morchiligi uyg‘unlashgan bu ulkan audiovizual tomosha YUNESKO va O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida tashkil etildi. Uch madrasa devorlari zamonaviy san’at va qadimiy meros tutashgan jonli tasvirga aylandi — bu uyg‘unlik asrlar va madaniyatlar o‘rtasidagi betakror hamjihatlikni aks ettirdi.
Samarqand aholisi va mehmonlari uchun ochiq tarzda o‘tgan ushbu konsert YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi madaniy dasturining markaziy tadbiriga aylandi. Bu yorqin kecha yana bir bor O‘zbekistonning an’ana va innovatsiyalar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, tarix va san’atning yagona ohangda jaranglashiga imkon beruvchi maskan ekanini namoyon etdi.